TOShKENT, 29 dek – Sputnik. Buxoro viloyatida fohishalik bilan shug‘ullangan ayol qirqqa yaqin erkakka orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi kasalligini (OITS) yuqtirgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ayol 2017-yilda OITSga chalingan bo‘lgan va dispanser nazoratiga olingan. U kasallikni boshqalarga yuqtirmaslik haqida ogohlantirilganiga qaramay, begona erkaklar bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgan.
Ayol qariyb 4-yil davomida bu kasallikni qasddan boshqalarga yuqtirib kelgan. Olib borilgan o‘rganishlar natijasida u qirqqa yaqin erkaklarga OITS infeksiyasini yuqtirgani aniqlangan. Erkaklarning aksariyati oilali. Natijada kasallik ularning turmush o‘rtoqlariga ham yuqqan.
“Mart—aprel oylarida do‘stlarim bilan kafeda ovqatlanib o‘tirganimizda, yonimizdagi stolda ovqatlanib o‘tirgan ikki nafar qiz bilan tanishib qoldik. Ular bilan borib, yaqin aloqada bo‘ldik. Shundan so‘ng, ular bilan bir necha marotaba telefonlashib, do‘stlarim bilan borib, yaqin aloqada bo‘lganimizdan keyin men u qizlarning kasallikka chalinganini eshitib qolib, tibbiy ko‘rikdan o‘tganimda o‘zimga ushbu kasallikni yuqtirib olganimni bilib qoldim. Turmush o‘rtog‘im homilador, homila 6 oylik”, — deydi fohisha ayol bilan aloqada bo‘lgan erkaklardan biri.
Erkak qilgan ishidan pushaymonligi va tug‘ilajak farzandi taqdiridan xavotirda ekanini bildirgan. U boshqalarga ko‘chalarda o‘zlari bilmaydigan ayollar bilan jinsiy aloqada bo‘lmaslikni tavsiya qilgan va bu ishlar mana shunday oqibatlarga olib kelishini aytgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 113-moddasining (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga oshirilgan. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi ayol 6 yarim yilga qamaldi.
Mavzuga oid:
Buxoroda 25-30 yoshlardagi o‘ndan ortiq erkakka tanosil kasalligini yuqtirgan ayol aniqlandi
Buxoroda ayollarga qasddan OIV virusini yuqtirgan yigit qo‘lga olindi
Buxoroda o‘zgaga OIV infeksiyasini yuqtirgan ayolga qarshi jinoiy ish ochildi