TOShKENT, 27 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tadbir kun tartibidan MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikka oid dolzarb masalalar o‘rin olgan.
Hamdo‘stlik mamlakatlari yetakchilari yilning asosiy yakunlarini sarhisob qilishlari va hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashishlari kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari 19-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi doirasida uchrashuv o‘tkazishgan edi. O‘shanda 18 ta muhim davlatlararo hujjatlar imzolangan.