TOShKENT, 24 dek - Sputnik. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qo‘shimcha qiymat solig‘idan (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi, deb xabar qilmoqda Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev o‘z telegram kanalida.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Parlament tomonidan 2021-yilda aholi uchun muhim iste’mo tovarlari bo‘lgan mahsulotlar uchun kiritilgan soliq imtiyozlari muddati yana 4 oyga uzaytiriladi. Deputatlar ushbu haqida yangi qonun loyihasi ishlab chiqishgan.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra 2022-yil 30-aprelga qadar quyidagi oziq-ovqatlar QQSdan ozod qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar;
kartoshka va muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.
Deputat xulosasiga ko‘ra, ushbu choralar O‘zbekiston bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nafaqat barqaror saqlashga, balki ularni pasaytirishga hamda aholini ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirishga xizmat qiladi.
Doniyor G‘aniyev ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullanishiga umid bildirgan.