Mirziyoyev bosh prokurorga yer ajratishdagi poraxo‘rlik borasida yuzlandi

"Katta-katta hokimlarni javobgarlikka tortsangiz, sizni hurmat qilishni boshlayman". Prezident yer ajratishdagi korrupsiya holatlari yuzasidan bosh prokurorga yuzlandi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yangi tashkil etilgan Kadastr agentligi tomonidan yerlarni yalpi xatlovdan o‘tkazish va elektron ro‘yxatga olish ishlarining borishi, xatlov jarayonida aniqlangan muammolar, yer ajratish va hisobini yuritishdagi korrupsiya holatlari e’tibor markazida bo‘ldi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 30 mingta fermer va dehqonlarga ajratilgan yer maydoni hujjatdagiga nisbatan 67 ming gektarga ko‘pligi aniqlangan.
"Hammasi poraxo‘rlik. Hech kim bir gektar, bir sotix yerni bekorga bermaydi-ku. Ayniqsa, 28 ming gektar yer maydoni hokim qaroriga nisbatan amalda 234 ming gektarga kamligi ma’lum bo‘ldi”, - deydi prezident.
Prezident yo‘l, elektr, gaz ta’minoti, suv xo‘jaligi, obodonlashtirish obyektlari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham ko‘plab muammolar mavjudligini ta’kidladi.

Hokim va prokurorlar, buning orqasida aniq pora va korrupsiya turibdi. Bosh prokuror buni yoqadimi, yoqmaydimi hammaga aytishi kerak. Pora turibdi. Bizda Konstitutsiyaga ko‘ra korrupsiyaga qarshi kurashadigan eng katta (organ) Bosh prokuratura. Konstitutsiyaviy burchi bularning. O‘rtoq Yo‘ldoshev, shuni hammaga qattiq aytish kerak. Buni orqasida pora turibdi, korrupsiya turibdi. Faqat majlis o‘tkazaverish emas, katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka tortsangiz, men sizni hurmat qilishni boshlayman”, - dedi Mirziyoyev.

Kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, keyin tanlovga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid:

Dehkonchilik uchun 1 gektargacha yer ijaraga beriladi
Toshkentda 1 gektar yerni 200 ming dollarga olib berishni va’da qilganlar qo‘lga olindi
Jizzaxda tadbirkorga tegishli yerni 45 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi
“Million dollarlar”: uch viloyatda yerni noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi