Besh tumanda hokimlar o‘zgardi

Romitan, Bulung‘ur, Oqdaryo, Kosonsoy va Norin tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek – Sputnik. O‘zbekistonning beshta tumanida yangi hokimlar tasdiqlandi. Qarorlar tumanlar xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyalarida qabul qilindi.
Umedjon Barnoyev
Buxoro viloyati Romitan tuman hokimi lavozimiga Umedjon Barnoyev tayinlandi. U tayinlovga qadar Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Umedjon Barnoyev bu lavozimda Xurshid Tohirov o‘rnini egalladi. Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov Tohirov iste’fosini tushuntirayotib dedi: “Uning tajribasini inobatga olib boshqa mas’ul lavozimga tayinlashga qaror qildik”.
Samandar Astanov
Samandar Astanov Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Mazkur tayinlovga qadar u Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
Tumanning avvalgi hokimi Bahodir Bahromov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga asosan egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Sherzod Kudratov
Sherzod Qudratov viloyatning Oqdaryo tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Mazkur tayinlovga u O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.
Tumanning avvalgi hokimi vazifasida faoliyat olib borgan Najmiddin Sulaymonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga asosan egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida ham hokim o‘zgardi. Tumanning sobiq hokimi Bahodir Yusupov prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri bo‘ldi.
Dilmurod Kodirov
Bugungi kunga qadar Norin tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Dilmurod Qodirov Kosonsoy tumanining yangi hokimi etib tasdiqlandi.
Jurabek Nurmatov
Jo‘rabek Nurmatov viloyatning Norin tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
U bugungi kunga qadar Norin tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.