TOShKENT, 20 dek – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Angren shahri hududida poyezd ag‘darilib ketgani aks etgan videolavha tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Xabarda yozilishicha, holat 19-dekabr kuni soat 05:03 da Angren shahridan 19 kilometr sharqiy yo‘nalishda joylashgan "O‘zbekko‘mir" AJga qarashli Angren ko‘mir koni hududida sodir bo‘lgan. 010-sonli lokomotiv sostav elektrovozning siqilgan havosiz qolishi oqibatida boshqaruvsiz harakatlangan va 1-yo‘lda harakatlanib ketayotgan 017-sonli lokomotiv sostaviga urilgan.
Oqibatda jami 33 ta yuk vagonidan 20 tasi (010-sonli poyezddan 14 ta ko‘mir ortilgan yuk vagon va 017-sonli lokomativ sostavidan 6 ta bo‘sh vagon) temir yo‘l izidan chiqib ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida 010-poyezd mashinisti va uning yordamchisi yengil tan jarohati olgan. Ular kasalxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida voqea joyiga "O‘zbekko‘mir" AJ tasarrufidagi "Temir yo‘l transport" filialidan 2 ta yuk krani, 2 ta pogruzchik va 50 nafar ishchi xodim jalb etilgan.
Tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda