TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Dehlida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosat, iqtisodiyot, raqamlashtirish va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati, tahdid va xatarlarga birgalikda qarshi kurashish choralari yuzasidan fikr almashildi.
Kamilov o‘z nutqida “Hindiston – Markaziy Osiyo” shaklidagi o‘zaro hamkorlik salohiyatidan yanada to‘liqroq foydalanish, ikki mintaqaning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash, jumladan, barqaror savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya aloqalarini shakllantirish, mahsulotlarni Hindiston va Markaziy Osiyo bozorlariga olib kirish uchun “yashil yo‘lak” tashkil qilish, IT-mutaxassislari uchun platforma yaratish muhimligini ta’kidladi.
Muloqotda ishtirok etuvchi har bir davlatda navbat bilan yillik tadbirlarni o‘tkazadigan “Hindiston va Markaziy Osiyodagi tahliliy markazlar forumi” tahliliy platformasini tashkil etish taklif etildi.
Ta’kidlanishicha, Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Bu davlatning xalqaro yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun unga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Sessiyalar doirasida Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Toliblarning Afg‘oniston hukumatini egallab olishi
Avgust oyi o‘rtalarida "Tolibon"* a’zolari mamlakat poytaxti Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab olishdi.
31 avgustga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Kobul aeroportini batamom tark etishdi va bu bilan Afg‘onistondagi qariyb 20-yillik amerika kampaniyasi o‘z yakuniga yetdi.
Toliblar Afg‘onistonning muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qildi.
Muvaqqat hukumatni "Tolibon"* birinchi bor hukumat tepasiga kelganida TIV rahbari kursisini egallagan va hozirga qadar BMT sanksiyalari ostida qolib kelayotgan Muhammad Hasan Oxund boshqarishi ma’lum bo‘ldi.
* Tashkilot terrorchilik faoliyati uchun BMT sanksiyalari ostida.