Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun tayyorlandi

“Himoya orderi” cheklovlarini buzganlik uchun jarima miqdori oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. IIV “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini tayyorladi.

“Qonun loyihasi bilan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazilishining oldini olish va ularning huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 2061-moddasining sanksiyasida belgilangan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorida oshirilishi nazarda tutilmoqda”, - deyilgan hujjatda.

Hujjatda qayd etilishicha, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi, ularga tazyiq o‘tkazayotgan yoki zo‘ravonlik sodir etayogan shaxslarga nisbatan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan himoya orderi berilishiga qaramasdan tazyiq va zo‘rovonlikka uchragan xotin-qizlar sonining kamayishiga erishilmadi.
Samarqand viloyatida "tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi" e’lon qilindi
2020 yilda xotin-qizlarga 14 774 ta himoya orderi berilgan bo‘lsa, 2021-yil 10 oyda bu ko‘rsakich 26 105 tani tashkil etdi. Shuningdek, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik bo‘yicha
903 ta holat aniqlandi.
Shuningdek, joriy yil 10 oyi davomida himoya orderlari zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxslarga nisbatan 403 ta holatda uzaytirilgan bo‘lsa, 613 ta takroran tazyiq va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan shaxslardan jabr ko‘rganlarga himoya orderlari rasmiylashtirib berildi.