Hokim yordamchilari qancha maosh olishi ma’lum bo‘ldi

2022 yil 1-yanvaridan respublikaning 9 ming 259 ta mahallasida hokim yordamchilari ish boshlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 5 dek — Sputnik.O‘zbekiston prezidenti qarori bilan hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori belgilab berildi.
Ayni vaqtda barcha viloyatlarda hokim yordamchilari saralab olingan bo‘lib, ular 2022-yilning 1-yanvaridan mahallalarda ish boshlashadi.
Qarorga muvofiq hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi:
xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida (4 million 932 ming so‘m);
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6,5 baravari miqdorida (5 million 343 ming so‘m);
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida (5 million 754 ming so‘m).
Hokim yordamchilariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda yetishmagan qismi hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilib boriladi.
Avvalroq har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi bo‘lishi xabar qilingan edi. Ular mahallada tadbirkorlarning loyihalariga yordam beradi, kasb-hunarga o‘qitish, tomorqa, bo‘sh yer va binolardan unumli foydalanishni tashkil etadi. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, jon boshiga daromadni oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul bo‘ladi.
Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish borasida qanday choralar ko‘riladi