O‘zbekiston va YeOII

Yevroosiyo transport “qovirg‘asi” siz va biz uchun: YeOII savdo ambitsiyalarining siri nimada

Moskvada 2-dekabr kuni Ikkinchi Yevroosiyo kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchi mamlakatlar tashkilot rivojlanishi istiqbollarini muhokama qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 3 dek - Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tahliliy hisobotlariga nazar solganda, avvamlombor ko‘zga yalt etib ko‘rinadigan narsa – ularning kovid keltirib chiqargan inqirozdan muvaffaqiyatli tiklanishidir.
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning yanvar oyida Yevroosiyo mamlakatlari orasida o‘zaro savdo-sotiq 33%ga oshdi. Yevroosiyo Taraqqiyot banki tahlilchilari asosan qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro savdo – sotiq evaziga 2022-yilda ishtirokchi mamlakatlar YaIMsining 4,2%dan 6,2% oshishini prognoz qilmoqda.
Ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha salohiyatlar hali hamon katta. Albatta, har bir davlatning o‘z farovonlik yo‘li bor, lekin hamkorlikdan barcha foyda ko‘rishiga YeOII a’zolarining barchasi ishonadi.
Aytaylik, Armaniston uchun Yevroosiyo iqtisodiyoti rivojlanishining eng muhim sharti savdoda milliy valyutalar ulushini oshirish hisoblanadi.
"Busiz integratsiya to‘liq bo‘lmaydi. Barchamizda valyutalar o‘zgaruvchan va bugungi inflyatsiya holati ushbu strategik vazifani amalga oshirishga maksimal darajada e’tibor qaratishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Chet el kapitallarga qaramlik – axir bu jiddiy xarajatdir, aniq aytganda – biz o‘z tovarlarimiz uchun narx-navo sharoitlarini yomonlashtirmoqdamiz" – deydi Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoran.
Uning fikricha, to‘g‘ri hisob-kitob tizimi bilan YeOII valyutalarni jamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa Ittifoq doirasidagi savdo hajmini oshirishni rag‘batlaydi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, iqtisodiy integratsiyaning muhim omili nafaqat moliyaviy vositalar, balki yaxshi ishlaydigan logistikadir. Burokratik to‘siqlarning olib tashlanishi YeOIIga a’zo davlatlar uchun tovarlarni qo‘shni bozorlarga yetkazib berishni sezilarli darajada osonlashtirdi. Xitoyning "Bir kamar - bir yo‘l" loyihasi bilan birgalikda qo‘shimcha transport infratuzilmasining qurilishi yuk tashishni tezlashtiradi va savdo-sotiq istiqbollarini yanada kengaytiradi.
Yevroosiyo Taraqqiyot Banki “Meridiana” xususiy avtomobil yo‘li uchun kredit ajratish hamda moliyalashtirishni tashkillashtirishga tayyor ekanligini birdirdi. Mazkur xususiy avtomobil yo‘li Rossiyadan boshlanib Qozog‘iston chegaralaridan Belarusgacha o‘tadi, yakuniy yo‘nalish esa YeOII mamlakatlarini Xitoy bilan bog‘laydi.
Bundan tashqari, bank Yevroosiyo tovar tarqatish tarmog‘i konsepsiyasini taqdim etdi. Tarmoq- YeOIIda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchidan chakana savdo tarmog‘igacha boshqaruv tizimi. U fermerlar va ishlab chiqaruvchilar, logistika kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash markazlari, distribyuterlar, riteyllar, fiskal va nazorat organlarini – sohadagi barcha tizimlarni qamrab oladi.
Tahlilchilar prognoziga ko‘ra, bu agrosanoat majmuasidagi savdo aylanmasini 30% ga oshirish va 228 million aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi. Mazkur g‘oya YeOII dagi yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan biri – Qozog‘iston tomonidan allaqachon ma’qullangan.
"Biz YeOTB tashabbusini olqishlaymiz. Ulkan hududimiz, logistika tizimining past darajada rivojlanganligi va transport xarajatlarini kamaytirish zaruriyatini hisobga olsak - bu o‘ta muhim yo‘nalish. Bundan tashqari, pandemiya tufayli ta’minot zanjirlari buzilmoqda va oziq-ovqat taqchilligi bor”, - deydi Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Alixan Smailov.
Mablag‘ yaratish va taqsimlash bo‘yicha bizda allaqachon tajriba bor. Xitoyning "Yangi Ipak yo‘li" transport loyihasiga qo‘shilish uchun infratuzilmaning katta qismi YeOII mamlakatlari tomonidan mustaqil ravishda qurilgan.
Yevroosiyo banki bosh iqtisodchisi Yevgeniy Vinokurovning so‘zlariga ko‘ra, XXR "G‘arbiy Yevropa – G‘arbiy Xitoy" loyihalariga nisbatan biroz sovuqlashgani sababli Pekin ushbu loyiha infratuzilmasiga "bir sent ham, bir yuan ham, bir tiyin ham" sarmoya kiritmagan va mamlakat markaziy viloyatlaridan konteynerlar eksporti uchun subsidiyalar bilan kifoyalangan.
Biroq, yo‘llar, omborlar va markazlarni yaratishga sarmoya kiritgan YeOII mamlakatlari infratuzilmani o‘zlarining integratsion ehtiyojlariga mukammal moslashtira oldi.
Bundan tashqari, bunday keng ko‘lamli logistika tarmog‘ini yaratish Mixail Mishustin ta’biri bilan aytganda, "Yevrosiyoning transport qovirg‘asi" faqat YeOII a’zolarigagina kerak emas.
Yevroosiyo transport loyihasi iqtisodiy ittifoqning muhim savdo hamkorlari bo‘lgan, ammo unga hali qo‘shilmagan Tojikiston va O‘zbekiston mamlakatlari uchun biznesni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Xususan, Toshkent bunday hamkorlikning barcha afzalliklarini allaqachon his qildi va hozirda tashkilotga to‘liq a’zo bo‘lish ustida ishlamoqda. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, YeOII doirasidagi hamkorlik yangi transport yo‘laklarini ochadi va tom ma’noda o‘zbek savdosini dengizga olib chiqadi.
Keng ko‘lamli integratsiya loyihasini nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari qo‘llab-quvvatlamoqda, balki rasmiy Minsk ham Xitoydan Yevropaga yo‘l ko‘rsatuvchi sarbon rolini ham o‘z zimmasiga olmoqchi.
“Biz ushbu transport “qovirg‘asi” tarkibida 58 ta logistika markazlarini qurishga tayyormiz va Yevropa Ittifoqidan Xitoy Ipak yo‘ligacha bo‘lgan yo‘lda logistika platformasi bo‘lishimiz kerak”- deya ta’kidladi Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Igor Petrishenko Yevroosiyo kongressi sessiyasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat ma’lum bir sohadagi ichki raqobatgina YeOII mamlakatlari iqtisodiyotini bog‘lash uchun yagona to‘siq bo‘lishi mumkin.
“2025 yilgacha rivojlanish strategiyasi bo‘yicha loyihalar ro‘yxatini shakllantirayotganimizda, qo‘shimcha takroriy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga hojat yo‘qligini ta’kidlashiz kerak. Albatta, raqobat bo‘lishi kerak, biroq bu raqobatni bizning qo‘shma mahsulotimiz uchinchi mamlakatlarda yaratishi lozim. Biz YeOTB dan eksport moliyaviy ko‘magida boshqa bozorlarda ham o‘rin egallashimiz kerak”- dedi Igor Petrishenko.
Hozirda O‘zbekistondan tashqari Moldova va Kuba ham YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega. Qolaversa, Tojikiston bir necha yildan beri ittifoqqa a’zo bo‘lishni ko‘rib chiqmoqda, biroq hozircha qaror qabul qilgani yo‘q.
Ehtimol, YeOTBning savdo va logistikadagi rejalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi - hozircha ikkilanayotgan mamlakatlarning shubhalarini yo‘qqa chiqarsa.