TOShKENT, 1 dek – Sputnik. Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonga koronavirusning yangi omikron shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar belgiladi.
Endi xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar:
tashrif buyurishdan kamida 72 soat oldin topshirilgan koronavirusga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari lozim;
koronavirusga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumoti mavjud bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan ekspress test topshirishlari shart.
Shuningdek, Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr davlatlari hududidan O‘zbekiston hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilar yuqoridagi talablar bajarilgandan so‘ng mamlakat hududiga kirib kelgan kundan e’tiboran o‘n kun davomida majburiy uy karantini yoki o‘z hisoblaridan mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi.
Avvalroq O‘zbekiston omikron shtamm sabab qator davlatlar bilan aviaqatnovlarni 2021-yil 3-dekabrdan 2022-yil 10-yanvarga qadar to‘xtattishi xabar qilingan edi.