TOShKENT, 1 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Kobul shahriga tashrif buyurib, Afg‘oniston Muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mamlakat TIV xabariga ko‘ra, xususan, Afg‘oniston Vazirlar mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borilgan. U yerdagi mavjud vaziyat muhokama qilingan.
“Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi”, - deyilgan xabarda.
Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqladi.
O‘zbekiston tomonidan elektr energiyasini uzluksiz yetkazish, O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi ish tartibini davom ettirish, Mozori Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashga ko‘maklashish, insonparvarlik yordamini o‘z vaqtida ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berildi.
“Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston tomonini O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga, umuman, butun dunyoga zarracha tahdid ham hech qachon ushbu davlat hududidan kelmasligiga ishontirdi”, - deyilgan xabarda.
Afg‘onistonning yangi hukumati O‘zbekiston bilan birgalikda ikki mamlakat xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Kobul), Abu Rayhon Beruniy (G‘azna) va Boborahim Mashrab (Taxor) qo‘nim topgan maskanlarda obodonlashtirish ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. Mamlakat maktablari va oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Toliblarning Afg‘oniston hukumatini egallab olishi
Avgust oyi o‘rtalarida "Tolibon"* a’zolari mamlakat poytaxti Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab olishdi.
31 avgustga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Kobul aeroportini batamom tark etishdi va bu bilan Afg‘onistondagi qariyb 20-yillik amerika kampaniyasi o‘z yakuniga yetdi.
Toliblar Afg‘onistonning muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qildi.
Muvaqqat hukumatni "Tolibon"* birinchi bor hukumat tepasiga kelganida TIV rahbari kursisini egallagan va hozirga qadar BMT sanksiyalari ostida qolib kelayotgan Muhammad Hasan Oxund boshqarishi ma’lum bo‘ldi.
* Tashkilot terrorchilik faoliyati uchun BMT sanksiyalari ostida.