Yo‘l harakati qoidalariga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi: hukumat qarori

“Yo‘l harakati qoidalari”ning yangi tahriri tayyorlandi.
Sputnik
TOShKENT, 30 noya — Sputnik. “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyihada Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalari o‘rganib chiqilib, mazkur qoidalarning 141ta bandiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kirtilmoqda.
ID-kartaga ega haydovchilardan “prava”ni ko‘rsatish talab etilmaydi
Vena konvensiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablaridan kelib chiqqan holda bir qator tushunchalar kiritilgan. Xususan, velosiped turdagi transport vositalariga alohida e’tibor qaratilganligini hamda velosipedlarga tenglashtirilgan konstruksiyasiga bir qator texnologik o‘zgartirishlar kiritilgan transport vositalari yo‘llarda ko‘payganligini inobatga olib, loyihada “Velosiped” tushunchasiga yangi tahrir berilib, “Velosipedchi”, “Velosiped yo‘lkasi”, “Velosipedchilar uchun bo‘lak”, “Piyoda va velosiped yo‘lkasi” kabi tushunchalar kiritilmoqda.
“Quvib o‘tish” tushunchasi tubdan o‘zgartirilib yangi tahrirda bayon etildi, shundan kelib chiqib loyihaga, “Qayta tizilish” va “O‘zib ketish” tushunchalari kiritilmoqda.
Yo‘llarida xorijiy davlatlarning transport vositalari soni ko‘payganligini inobatga olib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda loyihaga “Xorijiy avtotransport vositalari” tushunchasi kiritilmoqda.
Bundan tashqari, texnologik rivojlanish natijasida elektr dvigatel bilan harakatga keladigan transport vositalari turlari ko‘payib, respublikaga kirib kelayotganligini inobatga olib, loyihada “Motosikl” va “Moped” tushunchalari yangi tahrirda qabul qilindi, “Elektromobil” va“Gibrid avtomobil” tushunchalari kirtilmoqda.
Shuningdek, “To‘xtab turish joyi”, “Harakatlanish uchun xavf ”, “Qatnov qismlari kesishmasi”, “Xavfsizlik orolchasi”, “Cheklangan ko‘rinish ”, “Avariya holatini yuzaga keltirish” kabi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.
Loyihada xavfsizlik kamarini taqish tartibi mutloq o‘zgartirish taklif qilinmoqda, bunga ko‘ra xavfsizlik kamarini nafaqat haydovchilar balki yo‘lovchilar ham taqish sharti belgilanmoqda.