TOShKENT, 30 noya – Sputnik. Qozog‘iston hukumati mamlakatda koronavirusning omikron shtammi tarqalishining oldini olish maqsadida bir qator davlatlardan chet elliklarning kirishini cheklashga qaror qildi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Shoranov Hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi,
“Yangi omikron shtammining paydo bo‘lganligini inobatga olib, idoralararo komissiya 3-dekabrdan cheklov choralarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, - dedi Shoranov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonga Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Esvatini, Malavi, JAR, Tanzaniya va Gonkongdan xorijliklarning kirishi cheklanadi.
Omikron qayd etilgan Isroil, Chexiya, Niderlandiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Avstraliya, Kanadadan kelganlarning emlanganligiga qaramasdan koronavirusga PZR test topshirishi shart. Bundan tashqari, yuqoridagi mamlakatlardan kelganlar o‘zlarini yetti kun yakkalashlari kerak. Hukumat Misr bilan ham aviaqatnovlarni to‘xtatishga qaror qilgan.
29 Noyabr 2021, 11:54
Qozog‘istonning o‘zida hozircha koronavirusning omikron shtammi aniqlanmagan.
Avvalroq O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov omikron shtamm ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelishi mumkinligini istisno qilmagan edi.