TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Isroil koronavirusning yangi omikron shtammi paydo bo‘lgani sabab chegaralarini xorijliklar uchun ikki haftaga yopadi.
Tegishli qarorni pandemiyaga qarshi kurashish vazirlik komissiyasi favqulodda yig‘ilishda qabul qildi.
“Yig‘ilishda quyidagi qarorlar qabul qilindi: barcha mamlakatdan bo‘lgan chet elliklarga Isroilga kirish taqiqlanadi”, - deya xabar qilmoqda RIA Novosti mamlakat bosh vaziri ma’muriyati xabariga tayangan holda.
Bunda Istisnolar bo‘yicha qo‘mita tomonidan ma’qullangan holatlarda kirishga ruxsat berilishi mumkin.
Chet eldan qaytayotgan isroilliklar aeroportda koronavirusga PZR test topshirishlari va karantinda bo‘lishlari shart. Kovidni boshdan kechirganlar va emlanganlar uchun o‘zini yakkalash uch kun, emlanmaganlar uchun bir hafta davom etadi.
Isroilda koronavirusning omikron shtammi bilan kasallanish 26-noyabr kuni aniqlandi. Yana bir necha kishi shubha ostida. Ular test topshirib, uning natijasini kutishmoqda.
Isroil bosh vaziri Naftali Bennet mamlakat favqulodda vaziyat yoqasida turganini ma’lum qildi va barchani tunu kun ishlashga tayyor turishga chaqirdi.
25 noyabr kuni olimlar Botsvana, JAR va Gonkongda eng xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan koronavirusning B.1.1.529 yangi shtammini aniqlashdi. JSST faqulodda yig‘ilish o‘tkazib, bu shtammni omikron deb atadi – yunon alfavitining 15-harfi nomi.
27 noyabr kuni Buyuk Britaniyada ikkita omikron shtammi bilan kasallanish aniqlandi. Shuningdek, u Misrdan qaytgan Chexiya fuqarosida aniqlangani ma’lum. Qolaversa, omikron shtammi Belgiya va Italiyada qayd etilgan.
O‘zbekistonda koronavirusning bu xavfli shtammi hozircha qayd etilmagan.