TOShKENT, 27 noya — Sputnik. O‘zbekistonda noyabr oyining oxirlariga kelib benzin bozorida talab va taklifning mutanosibligi tiklanishi va narxlarning barqarorlashuvi kuzatilmoqda.
Respublika tovar-xom ashyo birjasi ma’lumotiga ko‘ra, 1-15 noyabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida Ai-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 8 million 690 ming so‘mdan 10 million 129 ming so‘mgacha, ya’ni 17 foizga o‘sgan edi.
Narxlar barqarorlashuvini ta’minlash maqsadida birjaning benzin bozorida taklif darajasini oshirish, birja savdolariga kichik lotlar (1 tonnalik)ni qo‘yish va xaridorlar uchun maksimal hajmlar (limit)ni o‘rnatish choralari ko‘rilgan. Bularning natijasida 15—26 noyabr kunlari Ai-80 markali benzinni birja savdolariga qo‘yish darajasi 3,6 marotabaga o‘sgan.
Bunda birja savdolariga qo‘yilgan benzin hajmida 1 tonnalik lotlarning ulushi 6 foizdan 57 foizgacha oshirilgan. Savdolarda ishtirok etgan va benzinni sotib olgan xaridorlarning soni esa 32 tadan 367 tagacha, ya’ni 11,4 barobarga oshgan. Mazkur davrda benzinning birjada shakllangan o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 10 million 129 ming so‘mdan 8 million 101 ming so‘mgacha, ya’ni 20 foizga pasaygan.
“Benzinning bir tonnasi uchun sotilish narxi 15-noyabrga nisbatan 2 million 28 ming so‘mga, 1-noyabrga nisbatan esa 589,4 ming so‘mga arzonlashgan. O‘z navbatida, birja bozorida benzin narxlarining barqarorlashuvi chakana bozorlarda, ya’ni avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari (AYoQSh)ning narxlarida ham o‘z aksini topmoqda”, — deyiladi xabarda.
Turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinning bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.