JSST koronavirusning yangi shtammi tufayli favqulodda majlis chaqirdi

Isroil va Buyuk Britaniya virusning yangi shtammi tufayli Janubiy Afrika va Botsvanadan parvozlarni qabul qilishni to‘xtatdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti juma kuni Janubiy Afrikada topilgan koronavirusning yangi shtammi borasida favqulodda majlis chaqirdi. Bu haqida tashkilot vakili Mariya Van Kerkxove ma’lum qildi.
COVID-19ning JAR, Botsvana va Gonkongda aniqlangan yangi B.1.1.529. shtammi o‘nlab mutatsiyalarga ega bo‘lib, ularning ayrimlari mavjud vaksinalarga nisbatan immunitetga ega ekanligigi aniqlangan.
"Biz hozircha yangi shtamm haqida yetarli ma’lumotga ega emasmiz. Hozircha uning 100dan kam genetik ketma-ketligi aniqlangan xolos. Lekin biz aniq bilamizki ushbu virusning mutatsiyalari juda ko‘p", - dedi Van Kerkxove.
JSST vakili xabar qilishiga ko‘ra, ekspertlar guruhi virusning ushbu evolyutsiyasini o‘rganib chiqadi va u qanday xavflar keltirib chiqarishi mumkinligini aniqlaydi. Agar aniqlangan natijalar biror xatar uyg‘otgan taqdirda uni grek alifbosining harfi bilan atashadi.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Isroil va Buyuk Britaniya virusning yangi shtammi tufayli Janubiy Afrika va Botsvanadan parvozlarni qabul qilishni to‘xtatganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda butun dunyoda zaralangan kishilar soni 258 milliondan oshib ketdi. Ulardan 5 millionidan ortig‘i vafot etdi. Bugungi kunda pandemiya bilan bog‘liq eng og‘ir vaziyat AQSh, Hindiston, Braziliya va Buyuk Britaniyada. Rossiya ushbu ro‘yxatda beshinchi o‘rinda.
Yaponiyada delta-shtamm o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Olimlar buning sirini o‘rganmoqda