TOShKENT, 23 noya – Sputnik. Toshkentda voyaga yetmagan farzandi ko‘chada shar sotish bilan shug‘ullangan otaga chora ko‘rildi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar bermoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda yosh bolakay ko‘chada havo sharlarini sotib yurgani qizg‘in muhokama qilingan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, 20-noyabr kuni 3-sinf o‘quvchisi Sh.F. haqiqatdan ham Yunusobod tumani Billur mahallasida havo sharlarini sotish maqsadida yurgan.
Tuman IIO FMB xodimlari bolaning otasi – 34 yoshli N.F. bilan bog‘lanishgan. Fuqaro bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Natijada unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi 1-qismi (“Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bu modda bo‘yicha BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha (270 ming so‘mdan 1,3 million so‘mgacha) jarima ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda O‘zbekistonda bolaga ta’lim-tarbiya berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun jarima miqdori oshirilgan edi.