TOShKENT, 16 noya – Sputnik. Rossiyaning koronavirusga qarshi burunga sepiladigan vaksinasining hech qanday nojo‘ya ta’sirlari qayd etilmadi. Bu haqda N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi direktori Aleksandr Ginsburg ma’lum qildi.
“Hozir biz burunga sepiladigan vaksinaning hech qanday nojo‘ya ta’sirlarini ko‘rmadik”, - dedi Ginsburg. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Oktabr o‘rtalarida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi burunga sepiladigan sprey ko‘rinishidagi SPRAY 08-Gam-KOVID-Vak-2021 koronavirusga qarshi vaksinasining klinik sinovlarini o‘tkazishga ruxsat bergan edi.
Ginsburgning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi burunga sepiladigan vaksinadan emlash o‘rnida foydalanish haqidagi masala klinik tadqiqotlarga qarab hal qilinadi. Hozircha aniq javob yo‘q.
Gamaleya markazi direktorining ta’kidlashicha, burunga sepiladigan vaksina bilan yarim yilda kamida bir marta emlanish kerak bo‘ladi, aniq xulosaga kelish uchun qo‘shimcha tadqiqot o‘tkazish kerak.