TOShKENT, 15 noya - Sputnik. Jizzax viloyati Forish tumanida yashovchi fuqaro H.A. Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha ombudsmaniga maoshi to‘lanmayotgani munosabati bilan murojaat qildi.
Murojaatchi aytishiga ko‘ra, “Jizzax suv ta’minoti” MChJning Forish tumani filiali xodimlariga uch oy davomida ish haqlarini bermasdan kelgan. Ishchilar oylik maoshlarini talab qilishganida esa tuman va viloyatdagi bosh hisobchilar tashkilot kredit olgani sababli shunday holat yuzaga kelgani tushuntiriladi.
Vaxolanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161 moddasida mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, hodimlarning uch oylik maoshlari to‘lab berildi. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, hozirda ishchilarga ish haqlari muddatidan kechiktirilmagan holda to‘lanmoqda.