TOShKENT, 15 noya – Sputnik. Andijonda 5 erkak tomonidan zo‘rlanganini aytgan kelinchakka nisbatan ikki yarim yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bundan besh yarim oy avval Andijon viloyatida 5 oylik kelinchak besh kishi tomonidan zo‘rlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi.
Bu ish Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda ichki ishlar vaziri shaxsan nazoratga olgani ham ma’lum qilingandi.
29 may kuni IIV axborot xizmati sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining badanida zo‘rlik alomatlari bilan bog‘liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekani va homilasi rivojlanayotgani aniqlangan.
Keyin tergovda to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan kelinchak O.O.ning zo‘rlangani to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmaganligi ma’lum qilingan edi. Jinoiy ishni tugatish masalasi ko‘rib chiqilgan.
2021 yilning 26-iyun kuni kelinchak O.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (Tuhmat) bilan ayblov e’lon qilingan va shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Daryo” nashrining Andijon viloyat sudi ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, 2021-yil 10-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumani sudi sudlanuvchi O.O.ga nisbatan sud ishini ko‘rib chiqqan.
Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi O.O. Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismining "a" bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 2-yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.