TOShKENT, 13 noya — Sputnik. “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil 1-iyul holatida respublikada nogiron bolalar soni 111 850 nafarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich har 1000 nafar bolaga 10,5 nafarni tashkil etadi. Har bir nogiron bola doimiy ravishda ijtimoiy va psixologik ko‘makka muhtoj hisoblanadi.
O‘z navbatida, so‘nggi yillarda bolalar orasida onkologik kasalliklar kuzatilayotgani tashvishli holat. Ushbu kasallikni davolash katta xarajatlar bilan bog‘liqligi bois har bir bemor bola alohida ko‘makka muhtoj hisoblanadi.
Qayd etilganlarga asosan, qonun loyihasida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyati ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Fond faoliyatining asosiy maqsadi og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni dori-darmonlar, tibbiyot vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlash hisoblanadi.
Fondga Davlat budjeti hisobidan 2021-2022 yillarda mablag‘larni amalda o‘zlashtirilishiga qarab 100 milliard so‘m miqdoridagi beg‘araz moliyaviy yordam ajratilishi belgilangan.