TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 10 ming fuqaroni Rossiyaga soddalashtirilgan tartibda ishga jo‘natish bo‘yicha pilot loyihasi doirasida tashkil etilgan tanlovlardan o‘tgan dastlabki guruh – 29 nafar o‘zbekistonlik Toshkent – Moskva yo‘nalishidagi aviareysi orqali “PIK-Industriya” qurilish kompaniyasida ishlash uchun jo‘nab ketdi, deb xabar qildi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Joriy yil sentabr oyida Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari A.Pudov boshchiligida Qurilish va uy-joy xo‘jaligi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Rostrud, Moskva hukumati hamda yirik ish beruvchi korxonalar vakillaridan iborat delagatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun o‘n ming nafar fuqaroni Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo‘natish bo‘yicha pilot loyihasi” imzolangan edi.
Pilot loyihasi doirasida ishga yuborilayotgan fuqarolarga Rossiyada ishlash ruxsatnomasi, ya’ni patentni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlar, tibbiy ko‘rik, barmoq izlarini olish Rossiya ish beruvchilari mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda.