TOShKENT, 12 noya — Sputnik. “Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalari uchun Moliya vazirligi talabnomalariga asosan 2021–2022 yillarda 100 mln AQSh dollarigacha ekvivalentdagi milliy valyutada yillik 2 foiz stavkada kredit mablag‘lari ajratiladi. Bunda, ushbu mablag‘lar talabnomalar taqdim etilgan sanadan boshlab 3-yil muddatgacha beriladi.
Shunga ko‘ra, mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan talabnomalariga hamda belgilangan stavkaga ko‘ra qaytarish sharti bilan 3-yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ularga budjet ssudasi sifatida ajratiladi.
Har bir hudud va muassasa kesimida tibbiy uskunalarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanib, tegishli ro‘yxatga asosan tibbiy uskunalar xarid qilinadi.
Tibbiy uskunalarni xarid qilish bo‘yicha texnik topshiriqlar va tender hujjatlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, hokimliklar hududlardagi tibbiyot muassasalari mutaxassislarining yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirish maqsadida Markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishi mumkin.
Qaror bilan Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.