TOShKENT, 11 noya – Sputnik. O‘zbekistonda “Skeyt O‘zbekiston” assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yangi assotsiatsiya raisi etib Aziz Ahmedov saylandi. Bosh kotib vazifasini Kamol Usmonov bajaradi.
Qayd etilishicha, ushbu assotsiatsiyaning tashkil etilishi O‘zbekiston yoshlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Endi yoshlarning skeytbording va roller sport turlari bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati bor.
“Skeyt O‘zbekiston” assotsiatsiyasi skeytbording, rollerda konkida uchish, rollerda figurali uchish, rollerda xokkey, roller derbi, skuter kabi sport turlarini o‘z ichiga oladi
2021 yilda skeytbordingning ikki yo‘nalish bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari musobaqalari o‘tkazilgandi. Ushbu sport turi 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik skeytbordchilarda Parij-2024 Olimpiadasiga 12 ta litsenziya olish imkoniyati mavjud.