TOShKENT, 10 noya – Sputnik. 2022 yilda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi foydalanuvchilari ko‘lamini kengaytirish uchun qo‘shimcha 60 milliard so‘m ajratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Moliya vazirligiga tegishli ko‘rsatma berdi.
Qayd etilishicha, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi foydalanuvchilari 600 ming nafarga yetgan. Ularga 18 milliard so‘m to‘lab berilgan.
“Moliya vazirligiga kelgusi yilda bu tizimdan foydalanuvchilar ko‘lamini kengaytirish uchun 60 milliard so‘m ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, - deyilgan xabarda.
Ma’lumki, yurak-qon tomir kasalliklarning asosiy sabablaridan biri – noto‘g‘ri turmush tarzi. To‘g‘ri ovqatlanib, ko‘proq piyoda yuradigan odamlarda bunday xastalik kam uchrashi xalqaro ilmiy tashkilotlar tomonidan isbotlangan.