TOShKENT, 8 noya – Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xalqaro terrorchilik tashkilotga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan fuqaroni xorijdan O‘zbekistonga olib keldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, 26 yoshli S.S. internet tarmog‘i orqali Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi”* terrorchilik tashkiloti a’zolarining ta’siriga tushib qolgan.
U o‘zining tanishlari bilan “Telegram”da virtual guruh tashkil etib, ekstremistik oqimlar va xalqaro terrorichilik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “jihod”ga chorlovchi materiallarini unga joylagan.
Shuningdek, Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi”ga qo‘shilish uchun O‘zbekistondan chiqib ketmoqchi bo‘lishgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. 2018-yilning iyun oyida S.S. va uning jinoiy aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sayyor sud majlisi o‘tkazgan. Unga nisbatan insonparvarlik tamoyili qo‘llagan holda 4-yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Biroq S.S o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida aylanma yo‘llar orqali davlat chegarasini kesib o‘tib, Markaziy Osiyo davlatlarining biriga borgan vaqtida hibsga olingan.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq qidiruvdagi IShID* a’zosi O‘zbekistonga olib kelingani xabar qilingan edi.
* O‘zbekiston va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari