TOShKENT, 8 noya – Sputnik. Rossiya musulmonlari diniy kengashining rahbari muftiy Albir Krganov migrantlarni ishga jalb qilayotgan korxonalarga maslahat berdi, deya yozadi RIA Novosti.
Krganov chet elliklarni ish bilan ta’minlayotgan kompaniyalar ularni turar joy bilan ta’minlashi kerak deb hisoblaydi.
Muftiy “Fud-siti” ulgurji bozori va “Slavanskiy mir” qurilish bozori ishchi migrantlari atrofidagi vaziyatga munosabat bildirayotib, xorijlik ishchilarni turar joy bilan ta’minlash majburiyatini qonunchilik darajasida zimmasiga oladigan turli arab mamlakatlarini misol qilib keltirdi.
“Nega “Fud-siti” yoki shunga o‘xshash markazlar o‘z hududida yoki boshqa joyda ular jalb qilayotgan migrantlar uchun yotoqxona tashkil etishmaydi?”, - dedi Krganov. Muftiy Rossiyada ham bunday normani joriy etish zarur deb hisoblaydi.
Rossiya musulmonlari diniy kengashining rahbari “Fud-siti”da ibodatxonalar yo‘qligi masalasini ham ko‘tardi. Uning fikriga ko‘ra, ish beruvchilar dindorlarni kerakli sharoitlar bilan ta’minlash borasida qayg‘urishi shart edi.
U ish beruvchilar migrantlar ortidan shunchaki pul ishlamasdan, jamiat oldida javobgarlikni ham zimmalariga olishlari kerakligi ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Moskvadagi Sosenskoe posolkasi aholisi Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengashga “Fud-siti” va “Slavanskiy mir” bozorida ishlayotgan migrantlar oqimi ortishi sabab murojaat qilgan edi.