TOShKENT, 8 noya – Sputnik. Samarqand viloyatida gazni talon-toroj qilib kelayotgan jinoiy guruh ushlandi, deb xabar qilmoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.
Guruh Past Darg‘om tumanidagi “Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasi”dan aholi xonadonlariga ajratilgan imtiyozli narxdagi suyultirilgan gazni yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan.
Ular “Nurobod gaz servis” MChJga qarashli “DAF” 20 tonna sig‘imli yuk avtomashinasida suyultirilgan uglevodorodli (propan) gazni muntazam tashish bilan shug‘ullanishgan.
Hozirda jinoiy uyushmaning 6 a’zosi hibsga olingan. Bu raqamlar ko‘lami kengayishi kutilmoqda. Chunki guruhga bir qator mansabdor shaxslar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari rahnamolik qilib kelishgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Viloyat prokurori ishni shaxsan nazoratiga olgan.