TOShKENT, 7 noya — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash boshlanganidan beri 274 ming nafardan ortiq aholi “Sputnik V” vaksinasi bilan turli bosqichlarda emlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rossiyaning koronavirusga qarshi ikki komponentli “Sputnik V” vaksinasi ham O‘zbekistonga emlash jarayonlari boshlangan ilk oylarda keltirilgan. Bugunga kelib uning 498 406 dozasidan emlash jarayonlarida foydalanilgan. Shundan 274 821 dozasi 1-bosqichda, 223 585 dozasi 2-bosqichda qo‘llanilgan.
Emlanishi ko‘zda tutilgan aholi qatlamlari orasida 65 yoshdan oshgan fuqarolar — 138 651 doza, tibbiyot xodimlari — 86 763 doza, maktab o‘qituvchilari — 891 doza, maktabga ta’lim muassalari xodimlari — 188 doza, surunkali kasalligi bor fuqarolar — 146 494 doza bu vaksina bilan emlangan. Vaksinaning qolgan qismi boshqa aholi qatlamlarida qo‘llangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda emlash jarayonlarida 27,8 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan. Aholining 67,4 foizi vaksinaning birinchi dozasini olib ulgurgan.
Avvalroq O‘zbekiston aholini emlash uchun bir komponentli “Sputnik Layt” vaksinasidan foydalanishga tayyorligini bildirgani xabar qilingan edi.