Biz O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifini intiqlik bilan kutapmiz – Malginov

Noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga rasmiy tashrif bilan kelishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim va davlat rahbarining nutqi haqidagi fikrlarini bayon qildi.
Malginov O‘zbekiston prezidentining nutqi kelajakka yo‘naltirilgani, mamlakatni rivojlantirish strategiyasining amaliy dasturi bo‘lganiga e’tibor qaratgan. Bu dasturni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, deya yozadi "Dunyo" AA.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu zamonaviy rivojlanayotgan, barqaror va boy davlat strategiyasi bo‘lib, unda oddiy insonlar hokimiyatning diqqat markazida turibdi. Hamma narsa insonning manfaatiga qaratilgan.
O‘zbekiston bilan munosabatlarda so‘nggi besh yilda erishilgan natijalarni ulkan yutuq deb bilamiz. Biz O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga tashrifini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Bo‘lajak tashrif doirasida muhim muzokaralar rejalashtirilgan va ushbu voqea tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishiga ishonaman.
Oleg Malginov
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi
U ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan, ochiq va samimiy munosabatlar, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro yordam muhiti shakllanganini ma’lum qildi.
“Ushbu sermazmun aloqalar aniq hujjatlar va kelishuvlarda yana bir bor o‘z ifodasini topadi”, - deya xulosa qildi Malginov.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida Rossiyaga tashrif buyurishi kutilayotgani xabar qilingan edi.
O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l orqali mahsulot yetkazib berishni 1 mln tonnaga yetkazmoqchi