Endi o‘zbekistonliklar Rossiyada ham haydovchilik guvohnomasini almashtirishi mumkin

Konsullik muassasasi talabgor nomidan so‘rovnomani to‘ldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi.
Sputnik
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalarida O‘zbekistonning eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish tartibi bo‘yicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi konsullik muassasasi orqali IIVning Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) tomonidan rasmiylashtiriladi.
Talabgor haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasasiga ariza bilan shaxsan murojaat qilishi mumkin. Konsullik muassasasi talabgor nomidan so‘rovnomani to‘ldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi.
YHXBB hujjatlarni ko‘rib chiqib, 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi. Uni Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentiga (TIV KHD) yuboradi.
Shunga asosan, TIV KHD haydovchilik guvohnomasini konsullik muassasasiga diplomatik pochta orqali taqdim etadi.
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonga onlayn ariza topshirish mumkin
Konsullik muassasasi 1 ish kunida yangi guvohnomani egasiga beradi yoki asoslangan sabablarga ko‘ra rad etadi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirish uchun BHMning 70 foizidagi to‘lov, 20 dollar konsullik yig‘imi, 20 dollar haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun yig‘im undiriladi.