TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA)da 2006-yildan beri xalqaro qidiruvdagi O‘zbekiston fuqarosi S.M. qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
U Interpolning O‘zbekistondagi milliy markaziy burosi (MMB)ning BAA Interpol MMB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida hibsga olingan.
Qo‘lga olingan 49 yoshli fuqaro O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155 (terrorizm), 161 (qo‘poruvchilik), 242 (jinoiy uyushma tashkil etish) va 244 (ommaviy tartibsizliklar) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etilganlikda ayblanmoqda.
U 2006-yildan boshlab AQSh hududida yashirinib yurganligi aniqlangan. 2021-yilning sentabr S.M. AQShni tark etganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.
Fuqaro tezkor qidiruv tadbiri natijasida Abu-Dabiga yetib kelgan kunidan besh kun o‘tib qo‘lga olingan. Uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda katta miqdorda o‘g‘rilik va firibgarlik sodir etib xorijiy davlatga qochib ketgan ikki nafar fuqaro Janubiy Koreyada hibsga olingani xabar qilingan edi.