TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish bo‘yicha talablarni buzganlik yuzasidan javobgarlik kuchaytirildi.
Prezident imzolagan qonun bilan, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internetda fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda O‘zbekistonda joylashgan texnik vositalarda hamda shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 7 baravari (1 mln 890 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 50 baravari (13 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonun bilan shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, ushbu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llaniladi:
BHMning 150 baravarigacha (40 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
3 yilgacha muayan huquqdan mahrum qilish;
2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.
Ushbu o‘zgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.