TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistonda Rossiyaning yana ikkita universiteti filiali ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Moskvada o‘tkazilgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, yig‘ilishda madaniy-gumanitar munosabatlarga, xususan, ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilgan.
“Yaqin kelajakda Rossiyaning yana ikkita universiteti — Kosigin nomidagi dizayn va texnologiya universiteti va Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti filiallari ochilishi kutilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Shu nuqtayi nazardan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va taraqqiyot sohasidagi hamkorlik qilish hamda Ta’lim forumi, Media-forum, Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari va boshqa qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistonda Rossiya universitetlarining 15 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 1-oktabr kuni Toshkentda VGIK (Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti) filiali ochilgan edi.