TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilandi.
Hukumat tasdiqlagan nizomga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari vazirlik, idoralar bilan kelishishdan oldin lingvistik ekspertizadan o‘tkaziladi.
Lingvistik ekspertiza loyihani ishlab chiqqan tashkilot rahbarining maslahatchisi tomonidan quyidagi talablar asosida o‘tkaziladi:
jumlalarning soddaligi va qisqaligi, ta’riflarning aniqligi;
imlo, uslubiy, grammatik va orfografiya qoidalariga mosligi;
yangi atamalar, shuningdek, soha atamalarining to‘g‘ri qo‘llanilganligi;
so‘z birikmalarining o‘zaro to‘g‘ri bog‘langanligi;
bayonning tizimliligi va ifodali ketma-ketligi.
Maslahatchi yoxud mutaxassis 3 kun yoki shartnomada belgilangan muddatda lingvistik ekspertizadan o‘tkazish natijasi bo‘yicha aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalarni ko‘rsatgan holda xulosa berib, loyihani ishlab chiquvchiga taqdim etadi.
Shunga ko‘ra, loyiha matni qayta ishlanib, kelishish uchun vazirlik va idoralarga yuboriladi.
Loyihada quyidagilarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
og‘zaki nutq shakllari;
davlat tilida teng ma’noli so‘zlar va tushunchalar mavjud bo‘lgan taqdirda, chet tillari atamalari;
eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar;
abbreviatura va qisqartmalar (umumiy qabul qilingan abbreviatura va qisqartmalar bundan mustasno).