TOShKENT, 28 okt - Sputnik. O‘zbekistonda xotin-qizlarni shilqimlardan himoyalashga qaratilgan bot ishga tushdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimda ishlayotgan yoki tahsil olayotgan talaba qizlar, ayol xodimlardan ularga nisbatan biron-bir ko‘rinishda tegajog‘lik, tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etilgan bo‘lsa yoxud ana shunday nojo‘ya xatti- harakatlar tahdidi ostida bo‘lsa yoki guvohi bo‘lgan bo‘lsa, hech ikkilanmay 1006 ishonch telefoni yoki @himoya_otv_bot telegram botiga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.
Vazirlik yozishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi va shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.
Zarur bo‘lgan barcha yordam ko‘rsatiladi, nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sodir etilgan har bir holat bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Nizomiy nomidagi pedagogika universitetida tahsil oldagina talaba qiz "Zulfiya" mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A.B.ning oldiga yordam so‘rab kirganida talaba qizga nisbatan zo‘rlashga qaratilgan xatti-harakatlar amalga oshirilgan, so‘ngra ojiza 2-qavatdan uloqtirilgan.
Mazkur hodisa oqibatida shifokorlar, jabrdiydaga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxisini qo‘yishgan.
Hozirda universitet dekan o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddaning birinchi qismi va 118-moddaning birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda uni qamoqqa olish chorasi ko‘rilgan.
Mazkur voqea jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Mazkur hodisa Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi, Milliy mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, mass-media fondi raisi Komil Allamjonovlar tomonidan o‘ta keskin qoralandi.