TOShKENT, 27 okt – Sputnik. Samarqand viloyatida o‘tgan 10 kunda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgan. Ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Bu haqda Pastdarg‘om tumani FVB vakili Sirojiddin Abdullayev brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda shu o‘n kun ichida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 4 ta holat qayd etilgan.
“Viloyatda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgan va 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lgan 8 nafardan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir”, - dedi u.
Holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan qo‘lbola isitish pechining tutun chiqarish mo‘risi tozalanmasdan, kechasi pechni yoqib uxlash oqibatida zaharlanish va o‘lim holati yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgan.
Ikkita holatda isitish pechining mo‘risidan bahor, yoz davrida in qurgan qushlarning uyasi chiqqan bo‘lsa, boshqa holatda mo‘ri ichiga qushlarning uy qurmasligi uchun latta tiqib qo‘yib, uni olib tashlamasdan, isitish pechidan foydalanilgani aniqlangan.
Oqibatda barcha zaharli gazlar xona ichiga to‘planib, fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgan.