TOShKENT, 24 okt – Sputnik. 24 oktabr soat 15-00 holatiga respublika sudlariga prezident saylovi jarayonlari bilan bog‘liq ommaviy nizolar, ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlari kelib tushmagan. Bu haqda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Fuqarolarning saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, ishonchli vakillarni o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlarida zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmaganligini ma’lum qilaman”, - dedi u matbuot anjumanida.
Bundan tashqari, 24-iyuldan 14-oktabrga qadar saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilining, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, saylovni moliyalashtirish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bilan bog‘liq ishlar sudlarga kelib tushmagan.
Ayni paytda saylov oldi tashviqot jarayoni boshlangandan buyon shu kunga qadar saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida axborot va tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmagan.