TOShKENT, 22 okt – Sputnik. Birinchi noyabrdan boshlab, xo‘jakliklar soni 1000dan ortiq bo‘lgan mahalla qo‘mitalari xodimlari maoshi 35%ga oshiriladi.
Bu haqida "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida aytib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2021-yil 1-noyabrdan boshlab soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uni moliyalashtirish, ularga buxgalteriya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha quyidagi muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi:
hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35%ga oshiriladi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasini tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi;
tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Farmonda aytilishiga ko‘ra, bugungi kunda o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamiyatimizdagi ko‘plab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy, hayotimiz uchun zarur bo‘lgan barcha jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Shu sababli ham ushbu soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – davr talabi, deyilgan farmonda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 9255ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib ulardan 1500 dan ortig‘ida mingdan ortiq xonadonlar mavjud.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 9255ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib ulardan 1500 dan ortig‘ida mingdan ortiq xonadonlar mavjud.