TOShKENT, 20 okt – Sputnik. Samarqand viloyati Urgut tumanida kuni kecha, 19-oktabr kuni Turkiston silovsini odamlar orasiga kirib keldi.
Hodisa tumandagi Rahmatobod mahallasida ro‘y bergan. Yirtqich Zarafshon darosi orqali kirib kelgani aytilmoqda.
Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan hududda mahalliy “OQBUTA GOLD” MChJ xodimlari Zarafshon darosi orqali kelib qolgan noyob hayvonni ko‘rib qolishadi va unga ovqat ham berishadi. Jonivor ketavermagach tuman ekologiya inspeksiyasiga hamda tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga telefon orqali murojaat qilishadi.
Voqea joyiga tezkorlik bilan borib o‘rganilganda esa ushbu hayvon Turkiston silovsini ekani aniqlangan.
Viloyat ekologiya boshqarmasi mas’ul xodimining Sputnik O‘zbekiston muxbiriga xabar berishicha, "bu o‘ta noyob jonivorning holati veterinar xulosasiga yaxshi, to‘rt muchasi butligi aniqlangan".
Suhbatdosh tez orada silovsin ushlangan joydan qo‘yib yuborilishini aytib o‘tdi.
"Jonivor aniqlangan hududga yaqin joylarda uning oilasi bo‘lishi mumkin, agar u uzoq joylarga olib borilsa, yashash manzilini yo‘qotib qo‘yishi mumkin", - deya tushuntirdi suhbatdosh.
Shuningdek, Turkiston silovsini shu kunga qadar faqatgina Jizzax viloyatining Zomin hududida ko‘rinish bergan, u mahalliy fotokameralarga tushgan.
Turkiston silovsini – qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan kenja turi hisoblanib, faqatgina Ugom, Piskom, Chotqol, Turkiston, Hisor, Ko‘hitang tog‘ tizmalarida uchratish mumkin.