Moskva metrosi o‘zbek tilini biladigan g‘aznachilarni izlamoqda

O‘zbek tilini biladigan g‘aznachilarga taklif qilinayotgan maosh 39 ming rubldan boshlanadi. Da’vogar o‘rta ma’lumotli bo‘lishi kerak.
Sputnik
TOShKENT, 20 okt – Sputnik. Moskva metropoliteni o‘zbek yoki tojik tillarini biladigan g‘aznachilarni (kassir) ishga taklif qilmoqda. Tegishli e’lon “HeadHunter” ish izlash saytiga joylashtirilgan.
G‘aznachilarga taklif qilinayotgan maosh 39 ming rubldan boshlanadi. Da’vogar o‘rta ma’lumotli bo‘lishi kerak. Pul bilan ishlash tajribasi bo‘lsa yanada yaxshi. Shuningdek, o‘zbek yoki tojik tilini bilish talab qilinadi.
G‘aznachilarning vazifasiga chiptalar, transport kartalarini rasmiylashtirish va sotish kiradi. Qolaversa, yo‘lovchilarning tegishli savollariga javob berish kerak.
Migrantlarga beriladigan ID-kartalarda qanday ma’lumotlar saqlanadi?
Ish joyi Moska metrosining Butovskaya yo‘nalishidagi “Lesoparkovaya” bekatida bo‘ladi. Chunki aynan shu bekatdan migrantlar “Saxarovo” migratsiya markaziga borishadi.
Avvalroq Moskva metrosining “Lesoparkovaya” va "Prokshino" bekatlarida o‘zbek va tojik tillarida yo‘l ko‘rsatkichlari paydo bo‘lgan edi.