"Instagram tufayli": Toshkentda ayol ijtimoiy tarmoq sababli erini pichoqlab qo‘ydi

Sud majlisida so‘roq qilingan ayol e’lon qilingan aybga iqror emasligini bildirgan.
Sputnik
TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Toshkentda Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali kelgan tovushli xabar er-xotin o‘rtasida janjal chiqishiga va ayolning shar’iy nikohda yashayotgan erini pichoqlab qo‘yishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud matbuot-xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, erkak ayoli ishlaydigan poliklinikaga kelgan va ikkalasi birgalikda shu yaqinda joylashgan oshxonada ovqatlangani yo‘l olgan. Tushlik vaqtida ayolning telefoniga “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali audio-xabar kelgan. Bundan erning jahli chiqib, rashk o‘tida ayolni haqorat qila boshlagan.
Begona odamlar oldida sharmanda qilinganidan uyalgan ayol ishxonaga yo‘l olgan, erkak uning orqasidan borib, baqirishda davom etgan.
Toshkentda o‘g‘il o‘z onasini rashk tufayli o‘ldirib qo‘ydi
Qabulxonada ayol pichoqqa ko‘zi tushib, uni qo‘liga olgan. Eri bosimni davom ettiravergach, pichoqni bir-ikki marotaba silkitgan, erkak pichoqni olmoqchi bo‘lganida ikkalasining ham qo‘llari kesilib ketgan.
Ayolning aytishicha, o‘sha paytda erining kiyimidagi qonni o‘zining kesilgan qo‘lidan oqqan qon tekkan, deb o‘ylagan. Ayol eriga qasddan tan jarohati yetkazish niyatida bo‘lmaganini tan olgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasi bergan xulosaga ko‘ra, erkakda ko‘krak qafasi chap tomoni 7-qovurg‘a sathidan ko‘krak bo‘shlig‘iga kirib, diafragmani jarohatlab, qorin bo‘shlig‘iga o‘tuvchi sanchilgan-kesilgan yara, chap tomonlama qovurg‘alararo arteriyaning jarohatlanishi, ko‘krak bo‘shlig‘iga qon quyilishi (gemotoraks) kabi jarohatlar mavjudligi aniqlangan.
Ushbu jarohatlar yetkazilish vaqtida hayot uchun xavfli bo‘lgan, og‘irlik darajasi bo‘yicha og‘ir tan jarohatlari toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.
Sud majlisida so‘roq qilingan ayol e’lon qilingan aybga iqror emasligini bildirgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismining “l” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Unga nisbatan JKning 72-moddasini qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 1-yil sinov muddati belgilandi.