TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Tojikistonning Xo‘jand shahri avtovokzalidan O‘zbekistonga birinchi avtobus qatnovi amalga oshirildi. Bu haqda Sugdnews tashuvchi kompaniyasiga tayangan holda xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Xo‘janddan Toshkent shahriga tashuvlarni Tojikistonning Asian Express kompaniyasi amalga oshirmoqda. Birinchi reysga 50 nafar yo‘lovchi chipta xarid qilgan.
Avtobus Xo‘jandning 16-mikrorayonidagi avtobus saroyidan amalga oshirilmoqda. Avtobus Tojikistondan Toshkentdagi Sobir Rahimov nomli avtostansiyaga 4-4,5 soatda keladi.
Kompaniya vakili Anvar G‘iyosovning hikoya qilishicha, chiptalar avtobus yo‘lga chiqishidan bir kun oldin 100 somoni (taxminan 95 ming so‘m)dan sotilmoqda.
"Agar masalan, fuqarolar Toshkentga 21-oktabrda bormoqchi bo‘lishsa, u holda chiptani 20-oktabrda olish kerak bo‘ladi. Agar yo‘lovchida koronavirusga qarshi vaksina olgani to‘g‘risida ma’lumotnoma bo‘lsa, u holda manfiy PZR-test natijalarini taqdim etish shart emas", - deydi suhbatdosh.
Vaksina olmagan yo‘lovchilar esa manfiy PZR-test natijasini o‘zi bilan olishlari kerak bo‘ladi, deya qo‘shimcha qiladi Giyasov.
Ma’lumot berilishicha, birinchi avtobus Xo‘janddan mahalliy vaqt bilan 08:00da chiqib ketgan. Soat 11:00da yo‘lovchilar Tojikistonning "Fotexobod" chegara o‘tkazish punktidan hech qanday to‘siqlarsiz o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan.
Eslatib o‘tamiz, Xo‘janddan Toshkentga avtobuslar muntazam qatnaydi. Qish mavsumi kelgunga qadar Toshkentdan Xo‘jandga mahalliy vaqt bilan 18:00da chiqish mumkin bo‘ladi. Sovuq tushishi bilan avtobusning harakatlanish vaqti 16:00ga suriladi.