O‘zbekiston bosh muftiysi saylandi

Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin domla Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi.
Sputnik
TOShKENT, 19 okt – Sputnik. Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 19-oktabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda tashkiliy masala ko‘rilgan.
"Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin domla Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandilar", - deyilgan xabarda.
Nuriddin domla Xoliqnazarov 1968-yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilgan. 1992-yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998-yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007-yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.
Bosh muftiy lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda – O‘MI
Ish faoliyatlari davomida Asaka shahridagi “Ahmadali Maxdum” masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi “Ko‘kaldosh”, Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasalari o‘qituvchisi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi sifatida davom ettirgan.
2019 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov avgust oyida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgan edi.