TOShKENT 18 okt Sputnik. – Bugun Samarqand ahli shahar kunini nishonlamoqda. Ushbu sana 25-yillik tarixga ega. Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati bilan 1996-yilda Samarqand markazida ulug‘ sarkarda sharafiga haykal o‘rnatilgan edi. Ushbu yodgorlikning ochilish marosimida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bundan buyon bu sanani Samarqand shahar kuni sifatida nishonlashni taklif qilgan. Shu bo‘yi Samarqand ahli 18-oktabrni katta tantana bilan nishonlab kelmoqda.
Ushbu kunga har yili alohida tayyorgarlik ko‘riladi, yangi inshootlar qad rostlaydi, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi.
Misol uchun, bu yilgi sana munosabati bilan Samarqandda Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi, Samarqand davlat tibbiyot institutining yangi o‘quv binosi foydalanishga topishiriladi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan Alisher Navoiy ko‘chasi ochiladi. Ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi faoliyat boshlaydi. Yana o‘nlab mahalla markazlari, ko‘ngilochar dam olish maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari shahar kuniga tuhfa bo‘ladi.
Samarqand kuni munosabati bilan jurnalistlarga bergan intervyusida shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov shunday deydi:
“Ayni paytda shahar hududida 14 ta arxeologiya, 417 ta me’moriy, 36 ta monumental va 23 ta diqqatga sazovor madaniy meros obyekti davlat ro‘yxatida qayd etilgan va muhofazaga olingan. Ularni asrab-avaylash va sayyohlarga asl holicha ko‘rsatish, kelgusi avlodlarga yetkazish uchun respublika va mahalliy budjetdan har yili katta mablag‘ ajratilmoqda. Shuningdek, bu borada tadbirkorlar imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.
2019 yilda shahrimizga 560 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, pandemiya sababli 2020-yilda ushbu ko‘rsatkich 52 ming kishini tashkil etdi. Bu yil karantin cheklovlari yumshatilgach, to‘qqiz oy davomida 54 ming 500 nafar xorijiy hamda 1 million 245 ming nafar mahalliy turistlar tashrifi amalga oshirilgan”.