Samarqanddagi bog‘chadan go‘sht o‘g‘irlanishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Paxtachi tumanidagi bog‘chadan go‘sht o‘g‘irlanishi ortidan bosh oshpaz va mudira ishdan bo‘shatildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan bog‘chada go‘sht o‘g‘irlagani tasvirlangan video tarqaldi. Maktabgacha ta’lim vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, tumandagi Hayit Elbegi mahallasida joylashgan 28-sonli bog‘cha bosh oshpazi O‘.A. pishirilgan 4,7 kilogramm go‘shtni olib avval kirxonaga yashirib qo‘ygan. So‘ng uni bog‘chaning xo‘jalik mudirasi M.E.ga bergan.
Xo‘jalik mudirasi M.E. 4,7 kg pishirilgan go‘shtni bog‘cha hovlisidan olib chiqib ketayotganda uni shu bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlaydigan N.N. va M.U. to‘xtatib qolishgan. Ular bu holatni videoga olishgan.
O‘zbekistonda ishlamaydigan bog‘cha opalarga 2,4 milliard so‘m maosh yozilgani fosh qilindi
Bosh oshpaz va xo‘jalik mudirasi bilan suhbat o‘tkazilganda ular 28-bog‘cha direktori Sh.U.ning topshirig‘i va ko‘rsatmasiga anchadan buyon go‘sht o‘g‘irlashlarini aytishgan. Ular video va audio yozuvlardagi gaplar to‘g‘ri ekanini o‘z tushuntirish xatlarida tasdiqlashgan.
Hozir bosh oshpaz O‘.A. va xo‘jalik mudirasi M.E. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, Paxtachi tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, 28-sonli bog‘cha mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.