TOShKENT, 17 okt — Sputnik. “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, jumladan, Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, o‘quvchilarning bino ichida harakatlanishi va ta’lim olishlari uchun maxsus sharoitlar yaratilgan maktablarda inklyuziv va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar tashkil etiladi.
Bunda o‘quvchilar birinchi sinfga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
Shuningdek, maktablar uchun belgilangan yosh meyoridan ikki yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.
O‘quvchilarni mazkur sinflarga qabul qilish hududiy xalq ta’limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.
Inklyuziv ta’lim sinflarida jami o‘quvchilar soni 30 nafardan oshmasligi kerak.
Inklyuziv va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarga faqat bir xil tibbiy tashxisdagi o‘quvchilar qabul qilinadi.
Qarorga ko‘ra, inklyuzif ta’lim sinflari o‘qituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi quyidagicha:
- sinfda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bir nafar bola uchun – lavozim maoshining 10 foizi;
- 2 nafar bola uchun – lavozim maoshining 20 foizi;
- 3 nafar bola uchun – lavozim maoshining 30 foizi;
- ikki va undan ortiq inklyuziv ta’lim sinflarida 4 nafar va undan ortiq bola uchun ta’lim-tarbiya ishlarini olib borgan o‘qituvchilarga va maxsus pedagoglarga – lavozim maoshining 30 foizi miqdorida.