TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Bugungi kunga kelib o‘zbekistonliklarning gazdan qarzi 500 mlrd so‘mdan oshgan. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, iste’molchilar xonadonlarida "Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi"ga ulangan 2 milliondan ortiq "aqlli" hisoblagichlar (ASKUE) o‘rnatib berilgan.
Zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasi hali o‘rnatilmagan 1,5 million iste’molchi esa sarflangan gaz uchun eski namunadagi gaz hisoblagichlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lov qilishni davom ettirmoqda.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ayrim iste’molchilar yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni vaqtida amalga oshirmayapti. Natijada esa iste’molchilar tomonidan katta qarzdorlik yuzaga kelmoqda va qarzga nisbatan vaqtida to‘lov qilinmaganligi sababli penya hisoblanmoqda.
“Bugungi kunga kelib 1,2 milliondan ortiq iste’molchining tabiiy gaz uchun 501,6 milliard so‘m miqdordagi debitorlik qarzdorligi mavjud”, - deyilgan xabarda.
Ma’lum qilinishicha, tez orada butun mamlakat bo‘ylab "aqlli" hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari yakunlanadi. Yangi hisoblagichlar ishga tushgach, iste’molchiga baribir qarzdorligini qoplashga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, asosiy qarzdorlikni bartaraf etish bilan birga unga nisbatan hisoblangan penyani ham to‘lash talab qilinadi. Aks holda iste’molchi gaz ta’minoti tizimidan avtomatik ravishda uzib qo‘yiladi.
29 Sentabr 2021, 11:17