TOShKENT 13 okt – Sputnik. Rossiya bilan hamkorlikda O‘zbekiston gaz transport tizimining 186 km yangilandi, deb habar qildi "O‘ztransgaz" bosh mutaxassisi Sputnik muxbiriga.
“Mazkur loyiha yuzasidan ishlar joriy yilning aprel oyidayoq boshlangan edi, deydi “O‘ztransgaz” bosh mutaxassisi Aleksandr Kim. Shu paytga qadar 186 km uchastkadagi ishlar yakuniga yetkazilgan”.
Shuningdek, loyiha doirasida uchta yangi liniya barpo etiladi, bular: Gazli – Kogon (140 km); Yangiyer – Ohangaron (95 km) va “O‘rta Osiyo – Markaz” magistral gaz tarmog‘ida (80 km), deydi bosh mutaxassis.
Ma’lumot uchun, "O‘ztransgaz" va Rossiyaning "Gazprombank"i o‘rtasida aprel oyida imzolangan shartnomaga muvofiq "2021-2022 yillarda O‘zbekiston gaz-transport tizimini yangilash dasturi" uchun 300 mln. dollar kredit ajratilgan edi. Ushbu mablag‘lar 545 km uzunlikdagi gaz quvurlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, shuningdek kompressor stansiyalari inshootlarini kapital ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Obnovlenie gazo-transportnoy sistemi Uzbekistana
© Uztransgaz
Aytish joizki, O‘zbekistonda o‘tgan yilgi qishning nisbatan serog‘in va sovuq kelishi tufayli gaz iste’moli ortib, uni yetkazib berishda uzilishlar ro‘y bergan edi. Ana shu kamchiliklar takrorlanmasligi hamda bu yilgi isitish mavsumiga ulgurish uchun ham modernizatsiya ishlari ancha oldin boshlandi.
Undan tashqari, O‘zbekistonda gaz iste’moli har yili taxminan 2 milliard kub metrga oshib bormoqda. Bu nihoyatda ko‘p. Mavjud gaz quvurlari bunday katta hajmdagi gazni yetkazib berish uchun zarur bosimga har doim ham dosh bera olmaydi, ayrim uchastkalardagi quvurlar ancha eskirgan. Rossiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning bosh maqsadi ham shu – O‘zbekiston gaz transport tizimida yuqori bosimga chidamli quvurlarni o‘rnatish.
Obnovlenie gazo-transportnoy sistemi Uzbekistana
© Uztransgaz
Yana bir jihat: iste’mol hajmining keskin ortib borishi gaz importini oshirishni taqozo etmoqda va binobarin, modernizatsiya qilinadigan mazkur magistral tizimlardan ichki ehtiyojlar uchun “zangori olov” yetkazib berishda ham foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning aprel oyida O‘zbekiston Moliya va Energetika vazirliklari, "O‘ztransgaz" va Rossiyaning VEB.RF - banki hamda EKSAR - eksportni sug‘urtalash fondi ishtirokida ko‘p tomonlama shartnoma imzolangan edi. Unga ko‘ra Rossiya tomon O‘zbekiston gaz transport tizimini yangilash uchun 618 mln. dollar kredit ajratishi hamda ushbu mablag‘larning kamida 50% Rossiya tomonidan yetkazib berilayotgan mahsulot va xizmatlarni qoplash uchun yo‘naltirilishi belgilangan edi.
Obnovlenie gazo-transportnoy sistemi Uzbekistana
© Uztransgaz